SGLT2 INGIBITORLARINING SURUNKALI YURAK YETISHMOVCHILIGI VA PREDIABET BILAN OG‘RIGAN BEMORLARDAGI KLINIK-FUNKSIONAL SAMARADORLIGI: PROSPEKTIV QIYOSIY TADQIQOT NATIJALARI
pdf

Kalit so‘zlar

surunkali yurak yetishmovchiligi, prediabet, SGLT2 ingibitorlari, exokardiografiya, miokard remodellashtirilishi, insulinorezistentlik.

Abstrak

Surunkali yurak yetishmovchiligi (SYY) uglevod almashinuvi buzilishlari, jumladan, prediabet bilan tez-tez birga uchraydi. Prediabet insulinorezistentlik rivojlanishiga va yurak-qon tomir asoratlarining kuchayishiga olib keluvchi muhim omil hisoblanadi. SGLT2 ingibitorlari kardioprotektiv ta’sirga ega bo‘lib, ularning SYY va prediabet birga kuzatilgan bemorlardagi samaradorligini o‘rganish dolzarb masalalardan biridir. Tadqiqot maqsadi.
SYY va prediabet mavjud bo‘lgan bemorlarda SGLT2 ingibitorlarining klinik-funksional, exokardiografik va metabolik ko‘rsatkichlarga ta’sirini baholash. Materiallar va usullar.

Tadqiqotga NYHA bo‘yicha II–III funksional sinfdagi SYY bo‘lgan 53 nafar bemor kiritildi. Asosiy guruhni (n=28) SYY va prediabet mavjud bo‘lgan hamda standart davolashga qo‘shimcha ravishda SGLT2 ingibitori qabul qilgan bemorlar tashkil etdi. Nazorat guruhiga (n=25) uglevod almashinuvi buzilishlari bo‘lmagan SYY bemorlari kiritildi. Bemorlarning klinik holati, EKG, exokardiografiya, arterial bosim va uglevod almashinuvi ko‘rsatkichlari davolashdan oldin hamda 6 oy o‘tgach baholandi. Natijalar. SGLT2 ingibitorlarini qo‘llash natijasida nafas qisishi kamayishi, SYY funksional holatining yaxshilanishi kuzatildi. Chap qorincha chiqarish fraksiyasi 41,8±5,6% dan 47,2±6,1% gacha oshdi (p<0,001), sistolik arterial bosim 142,5±12,3 mm sim.ust. dan 128,7±10,4 mm sim.ust. gacha kamaydi (p<0,001). Shuningdek, uglevod almashinuvi ko‘rsatkichlari, jumladan HbA1c va HOMA-IR indeksida ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi (p<0,001). Xulosa. SYY va prediabet mavjud bo‘lgan bemorlarda SGLT2 ingibitorlarini qo‘llash klinik holatni yaxshilaydi, yurak funksional ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda metabolik buzilishlarni kamaytiradi. Ushbu preparatlar mazkur bemorlar guruhida kompleks davolashning istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishi mumkin.

pdf